
2025 yil 4–6 avgust kunlari O‘zbekiston Respublikasining Farg‘ona viloyatidagi yetti tumanida — Beshariq, Buvayda, Bog‘dod, Uchko‘prik, Oltiariq, Quva va Quvasoyda —“Iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlarini ko‘rsatish loyihasi” doirasida jamoatchilik eshituvlari va maslahatlashuvlari o‘tkazilmoqda. Loyiha “O’zsuvta’minot” AJ tomonidan amalga oshirilmoqda, konsalting faoliyatini esa NBT Group olib bormoqda hamda loyiha Osiyo Taraqqiyot Banki (OTB) bilan hamkorlikda tayyorlanmoqda.
Loyiha doirasida ushbu tumanlarda kanalizatsiya tarmoqlari, nasos stansiyalari va tozalash inshootlarini qurish va rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Amalga oshiriladigan ishlar OTB standartlari, xalqaro ekologik va ijtimoiy me’yorlarga to‘liq mos bo‘lishi lozim.
Maslahatlashuvlarning asosiy maqsadi — atrof-muhitga ta’sirni dastlabki baholash, yer maydonlarini o’zlashtirish va ehtimoliy ko‘chirish masalalari bo‘yicha jamoatchilik fikrini o’rganishdir.
Uchrashuvlar davomida aholi, mahalla faollari va mahalliy hokimiyat vakillari xavf-xatarlar, kompensatsiya mexanizmlari va salbiy ta’sirlarni kamaytirish strategiyalari haqida to‘liq ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Tadbirda quyidagi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi:
• Ekologik ekspertiza markazi va uning hududiy bo‘linmalari;
• Viloyat va tuman ekologiya va kadastr boshqarmalari;
• Qurilish va infratuzilma sohasiga mas’ul hokimliklar;
• “O’zsuvta’minot” AJning hududiy filiallari;
• MFY, jumladan mahalla raislari va mahalliy aholi.
O‘tkazilgan eshituvlar loyihaning barqarorlik, ijtimoiy inklyuzivlik va iqlim o‘zgarishlariga moslashuv kabi masalalarga yuqori darajada e’tibor qaratilganini ko’rsatadi. Bunday yondashuv ESG tamoyillariga to‘liq mos keladi — ya’ni infratuzilmaviy loyihalar barcha manfaatdor tomonlarning keng ishtirokida, shaffoflik va ijtimoiy mas’uliyat asosida amalga oshiriladi.
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, jamoatchilikni loyihalashning dastlabki bosqichlaridanoq jalb etish va ochiq muloqot o‘rnatish mahalliy aholining ishonchini mustahkamlaydi, ehtimoliy nizolarning oldini oladi va har bir hududning o‘ziga xosligini hisobga olgan muhandislik yechimlarini ishlab chiqishga yordam beradi.
NBT Group vakillarining izohi:
“Biz jamoatchilik maslahatlashuvlarini oddiy rasmiyatchilik emas, balki barqaror loyihalashning ajralmas qismi sifatida qabul qilamiz. Mahalliy manfaatlarni hurmat qilish, iqlim sharoitlarini hisobga olish va xalqaro standartlarga mos kelish, hududdagi infratuzilmaviy o‘zgarishlarni samarali amalga oshirishning asosiy omilidir”.
Maslahatlar 6 avgustga qadar davom etadi. Yig‘ilgan fikr-mulohazalar va dastlabki tahlillar asosida ishlab chiqilgan tavsiyalar loyiha hujjatlariga integratsiya qilinadi.
Shu tariqa, NBT Group o’tkazayotgan tadbirlar, suv infratuzilmasi sohasida ESG tamoyillarini amalda tatbiq etishning muhim namunasi bo‘lib, bu shaffoflik, iqlimga moslashuv va aholining faol ishtirokini ta’minlashni nazarda tutadi.